24 Oktyabr 2023 3238

BUYUK BRITANIYA, SINGAPUR VA O‘ZBEKISTON TOMONIDAN IJTIMOIY TARMOQLARDA TARQALGAN VIDEO YUZASIDAN RASMIY BAYONOT

Joriy yilning 17-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (keyingi matnlarda – TSMRI)da 600 nafardan oshiq talaba kursdan-kursga o‘tishlarida muammoalar yuzaga kelayotgani yuzasidan xabar tarqaldi. Mazkur xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

 

TSMRI 2007-yil 5-sentabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-691-sonli qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Buyuk Britaniyaning Bangor (Bangor University), Sanderlend (University of Sunderland) va Tissayd (Teesside University) universitetlarining umumiy 15 ta bakalavr va 3 ta magistratura yo‘nalishdagi ta’lim dasturlari asosida malakali mutaxassislarni mehnat bozoriga tayyorlab kelmoqda.

 

Mazkur ta’lim dasturlari asosida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Buyuk Britaniya universitetlari tomonidan taqdim etiladigan xalqaro diplom beriladi. Ta’lim jarayonlari to‘liq xalqaro standartlar asosida tashkil etilishi bilan bir qatorda, institutda talabalarning o‘quv jarayonlari davomida yuqorida qayd etilgan Buyuk Britaniya universitetlari ta’lim dasturlari asosida tasdiqlangan “Akademik nizom talablari”ga to‘liq rioya etgan holda o‘qishlari talab etiladi.

 

Hamkor universitetlarimizdagi Akademik Kengash nizomiga ko‘ra, asosiy fan imtihoni va qayta topshirish imtihonida muvaffaqiyatsizlikka uchragan talabaga fanni o‘zlashtirish uchun quyidagi imkoniyatlar taklif etiladi:

  • Fanni o‘zlashtirish uchun keyingi o‘quv yilida qayta o‘qish yoki boshqa alternativ ta’lim olish usullaridan foydalanish;
  • O‘quv jarayoni yakunida asosiy imtihon.

 

Ma’lumot uchun, hozirda institutda bir yillik o‘quv shartnoma to‘lovi 32 mln. 256 ming so‘mni tashkil etadi. Qayta o‘zlashtirishga qolgan talaba faqatgina qayta o‘qiyotgan fani uchun to‘lovni amalga oshiradi.

 

Taqdim etilgan imkoniyatlardan unumli foydalana olmagan talabalar mazkur ta’lim dasturidan chetlashtiriladi. Talabalar dasturdan chetlatilganida o‘sha vaqtga qadar o‘zlashtirilgan fanlar yuzasidan akademik ma’lumotnomani olishlari yoki ushbu akademik ma’lumotnoma bo‘yicha davom ettirishlari mumkin.

 

TSMRI talabalarining muvaffaqiyati uchun intiladi va qo‘shimcha o‘quv qo‘llanmalari va takroriy darslarni tashkil etishda yordamini ayamaydi. Zarur hollarda, qo‘shimcha darslar bepul uyushtirib beriladi.

 

2022-2023 o‘quv yilida hamkor universitetlarimi tomonidan 532 nafarga yaqin talabaning Akademik nizomlari talablariga zid keladigan xatti-harakatlari aniqlandi.

 

Hamkor universitetimiz Akademik nizomga muvofiq, hozirda ushbu qoidabuzarlik holatlari ko‘rib chiqilmoqda va har bir talabaning ishi yuzasidan akademik nizom standartlariga muvofiq qaror chiqariladi.

 

Yakuniy so‘z o‘rnida shuni ma’lum qilamizki, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘z faoliyatini xalqaro ta’lim standrtlari asosida shaffof tarzda amalga oshiradi hamda yurtimiz kelajagiga zamonaviy fikrlaydigan malakali mutaxassislarni yetkazib berish mas’uliyatini chuqur his qilgan holda, kelgusidagi ta’lim jarayonlarini ham yuqori saviyada va xalqaro andozalarga asoslangan holda amalga oshiradi.

APPLY NOW
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech