O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING SINGAPURGA DAVLAT TASHRIFI.
Joriy yilning 17-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi doirasida Singapur Prezidenti Halima Yakub va Bosh vazir Li Syan Lun bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston-Singapur sammiti oldidan “Istana” saroyida rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga mamlakatimizning martabali mehmoniga yuksak hurmat va ehtirom belgisi sifatida orxideya gulining (Singapurning milliy ramzi) yangi navi taqdim etildi. An’anaga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi orxideya guli yoniga – “Shavkat Mirziyoyev orxideyasi” yozuvi yozilgan lavha qo‘ydi.
Suhbat chog‘ida Prezidentlar O‘zbekiston bilan Singapur o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, ijtimoiy-siyosiy hayotni yanada demokratlashtirish borasidagi islohotlar yuzasidan hamkorlik bo‘yicha fikr almashdilar.
Ta’lim sohasidagi faol hamkorlik, xalqaro maydonlardagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va kelishuvlarning yuqori darajasi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha oʻzaro hamkorlikning beshta asosiy yoʻnalishi belgilab olindi, jumladan: inson kapitalini rivojlantirish va davlat boshqaruvi sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash; Singapur tomonining O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlaridagi ishtiroki; ilg‘or “yashil” texnologiyalar, Singapurning raqamli tehnologiyalar sohasidagi yutuqlari hamda imkoniyatlarini tadbiq etish; shahar infratuzilmasi va kommunikatsiyalarini, shaharsozlik, obodonlashtirish va kommunal xo‘jaligini takomillashtirish; yetakchi Singapur kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni rivojlantirish orqali investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro savdoni hajmini oshirish.
Yurtboshimiz kunning ikkinchi yarmida Li Kuan Yu nomidagi davlat siyosati maktabiga tashrif buyurib, Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdilar.